Fuqarolar urushi
Fuqarolar urushi — siyosiy hokimiyat uchun kurash jarayonida mamlakat fuqarolarining ikki qarama-qarshi muxolif tomonga boʻlinib ketishi natijasida kelib chiqadigan urush. Qadimgi Rimda respublika tarafdorlari bilan imperiya tarafdorlari oʻrtasidagi oʻzaro urushlar (mil. avv. 44–30-yillar), Angliyada parlament tarafdorlari bilan Qirol tarafdorlari oʻrtasidagi urush (1640–1645-yillar), Fransiyadagi respublika va monarxiya tarafdorlari oʻrtasidagi urush (1789–1795- yillar), AQSHda qulchilikni bekor qilish va uni saqlab qolish tarafdorlari oʻrtasidagi Shimoliy shtatlar bilan Janubiy shtatlar oʻrtasidagi urushlarni (1861–1865-yillar) bunga misol qilib keltirishimiz mumkin. 1918–1920-yillarda Rossiyada bolsheviklar hokimiyatiga qarshi boʻlib oʻtgan urush ham fuqarolar urushi nomini olgan.