Eneolit
Eneolit (ot) (lotincha ʻʻaeneusʼʼ — mis, yunoncha ʻʻlitosʼʼ — tosh) — mis-tosh davri. Mehnat qurollari ishlab chiqarishda birinchi marta mis maʼdani qoʻllanila boshlangani uchun shunday nom berilgan. Eneolit davri 4–3-ming yilliklarni oʻz ichiga oladi. Eneolit davridan ibtidoiy jamoa tuzumining inqirozi, sinfiy jamiyatning shakllanish jarayoni boshlangan. Sharqda (Old Osiyo va Mesopotamiyada) dastlabki davlat birlashmalari vujudga kela boshladi, Oʻrta Osiyoning janubiy hududlari (Turkmaniston) da esa sunʼiy sugʻorishga asoslangan dehqonchilik madaniyati va paxsa, xom gʻishtdan koʻp xonali uylar qurish boshlandi. Eneolit davrining koʻplab yodgorliklari Turkmaniston hududlaridan topib oʻrganilgan (Anov, Nomozgoh va Oltintepa).