Orqaga
Glossariyga qaytish

El

El (ot) — eng qadimgi turkiy atamalardan biri. El avvalo bir joyning odamlari maʼnosini bildiradi: Xorazm eli, Qoshqar eli. Bir qabilaga mansub kishilarga qoʻllanadi: qipchoq eli, mangʻit eli. El soʻzi baʼzan xalq, millat maʼnolarida ham ishlatiladi. XX asr boshlarida “El bayrogʻi” gazetasi ham chiqqan. Yurt, mamlakat maʼnolarida ham qoʻllanadi. Masalan, qozoq eli deganda qozoq xalqini ham, Qozogʻiston Respublikasini ham tushunishimiz mumkin. Yoki boʻlmasa, chet ellar deganda, xorijiy xalqlarni ham, xorijiy mamlakatlarni ham anglash mumkin. El kalimasida, shuningdek, ittifoq, totuvlik, ahillik maʼnolari ham bor. “El boʻldi”, deganda doʻstlashdi, birlashdi maʼnosi anglashiladi. Elning ana shu maʼnosidan elat atamasi kelib chiqqan.