Eftaliylar
Eftaliylar (ot) — Oʻrta Osiyo va unga yaqin mamlakatlar xalqining etnogenezi va tarixida muhim rol oʻynagan yirik turkiy tilli qabilalar uyushmasi. Ularning kelib chiqishi haqida turli fikrlar bayon etilgan. Sovet arxeologi — Aleksandr Bernshtamning fikricha, eftaliylar tarkib topgan yerlar oʻrta va quyi Sirdaryo hamda Amudaryoning yuqori havzasidir. Arxeolog Sergey Tolstov esa ularni Orol boʻyidan kelib chiqqan deb hisoblaydi. Garchi eftaliylarning tarkib topish joyi qatʼiy aniqlanmagan boʻlsa-da, ular turkiy etnik elementlar aralashgan Oʻrta Osiyo qabilalari negizida shakllangani maʼlum. Taxminan 457-yili Vaxshunvor (Axshunvor) Eftalon boshchiligidagi eftaliylar Chagʻoniyon (Surxondaryo viloyati), Badaxshon va Toxaristonda oʻz hokimiyatini oʻrnatadi. 563–567-yillarda janubdan Eron sosoniylari, shimoldan Turk xoqonligi zarbasiga uchragan Eftaliylar davlati bir asrdan oshiqroq hukmronlikdan soʻng tamomila barbod boʻladi.