Dukchi Eshon qoʻzgʻoloni
Dukchi eshon qoʻzgʻoloni — Muhammad Ali (1846–1898) boshchiligida Fargʻona vodiysida Rossiya mustamlakachilariga qarshi koʻtarilgan xalq ozodlik harakati. Muhammad Ali yoshligida Buxoro va Samarqandda yirik eshonlar xizmatida boʻlib, diniy bilimlar oʻzlashtirdi. 1882-yilda Sultonxon Toʻra eshon oʻlimidan soʻng marhumning vasiyati bilan uning oʻrniga Muhammad Ali eshon etib tayinlanadi. 1887–1893-yillarda u Makkai Madinaga borib haj qiladi. Qaytishida Eron, Hindiston, Afgʻoniston va Rossiyaning qator shaharlarida boʻlib, zamonaviy bilimlar va Yevropa fan-texnikasi yutuqlaridan xabardor boʻladi. Muhammad Ali ota kasbi yikchilik, yaʼni dukchilik bilan mashgʻul boʻlgan, shuning uchun ham uni Dukchi eshon deb atashgan (duk — eski davrlarda paxta yoki jundan ip yigiradigan moslamaning, yaʼni charxning ip oʻralib boradigan qismi). Eshonning yaxshi feʼl-atvori, kamtarona turmush tarzi, boy hayotiy tajribasi va keng dunyoqarashi uning muxlislari sonini tobora oshirib boradi. U yashab turgan Mingtepa qishlogʻitezda koʻplarning qutlugʻ ziyoratgohiga aylandi. Rossiya mustamlakachilarining zulmi ortib borar ekan, Dukchi eshon uyida Fargʻona vodiysining turli burchaklaridan kelgan vakillar ishtirokida maxsus kengash oʻtkazilib, unda qoʻzgʻolon masalasi muhokama qilinadi. Muhammad Alining unga rahbar boʻlishi kelishiladi. U qoʻzgʻolonga hali fursat yetmaganini tushuntirsa-da, mustamlakachilik zulmidan norozi xalq gʻazab-ehtirosga berilib, stixiyali tarzda 1898-yil 17-mayda ochiq kurashni boshlaydi. Qoʻzgʻolonchilar Andijondagi rus gornizoniga hujum qilib, 22 nafar soldatni oʻldiradi, koʻpchiligini yarador qiladi. Lekin kuch mustamlakachilar tomonidan boʻlgani uchun qoʻzgʻolonchilar hal qiluvchi janglarda magʻlubiyatga uchraydi. 546 kishi qamoqqa olinadi. Shulardan 18 kishi, shu jumladan, Dukchi eshon osib oʻldiriladi. 15 kishi surgunga, 147 kishi 20 yil, qolganlari 4 yildan 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.