Demokratiya
Demokratiya (ot) (yunoncha “demos” — xalq, “kratos” — hokimiyat) — xalq hokimiyati. Jamiyat taraqqiyoti dadavlatchilikning turli shakllari, binobarin, demokratiyaning ham turli tiplari yaratilgan. Insoniyat tarixida demokratiyaning boshlanish nuqtasi ham, tugash nuqtasi ham yoʻq. Kishilik jamiyati paydo boʻlganidanoq, demokratiyaning kurtaklari paydo boʻlgan va hatto eng taraqqiy etgan mamlakatlarda ham u oʻzining soʻnggi choʻqqisiga erishganicha yoʻq. Demokratiyani boʻgʻish, unga raxna solish mumkin, lekin butunlay yoʻq qilib boʻlmaydi. Har qanday davrning, har qanday jamiyatning va har qanday xalqning oʻziga xos demokratiyasi boʻladi. Demokratiyaning muhim xususiyati shundaki, unda xalq hokimiyati, yaʼni ozchilikning koʻpchilikka boʻysunish qoidasi rasmiy ravishda eʼlon qilinadi hamda fuqarolarning erkinligi va teng huquqliligi eʼtirof etiladi. Bu shartlar asosiy qonun— Konstitutsiyada aks ettiriladi.