Davrlashtirish
Davrlashtirish (ot) — insoniyat tarixini ijtimoiy-iqtisodiy hayot va turmush tarziga qarab maʼlum davrlarga boʻlish. Sobiq sovetlar hukmronligi davrida tarix fani, jumladan, vatanimiz tarixi besh davrga boʻlindi:
1) ibtidoiy jamoa tuzumi davri.
2) quldorlik tuzumi davri.
3) feodalizm tuzumi davri.
4) kapitalizm tuzumi davri.
5) sotsializm va kommunizm davri.
Bunday davrlashtirishning maqsadi jamiyat taraqqiyoti insoniyatni, albatta,
ʼʼkommunizmʼʼga olib boradi degan gʻoyani ilgari surish edi. Bunday gʻoya soxta va xom xayol ekanini tarixning oʻzi isbot qildi.
Oʻzbekiston tarixini davrlashtirish masalasida akademik A. Asqarov tomonidan taklif etilgan fikrni bugungi kunda eng maqbul va maqsadga muvofiq deb hisoblash mumkin. Olim quyidagi yettita asosiy davrni koʻrsatib oʻtadi:
1) ibtidoiy toʻda davri (1–40-ming yilliklar).
2) urugʻchilik jamoasi va mulk egaligining shakllanish davri (40-ming yillikdan milodiy III–IV asrlargacha).
3) ilk oʻrta asrlar davri (milodiy III–IV asrlardan to IX asr boshlarigacha).
4) oʻrta asrlar davri (IX asr boshlaridan to XIX asrning oʻrtalarigacha).
5) mustamlakachilik va milliy uygʻonish davri (XIX asr oʻrtalaridan 1917-yilgacha).
6) sovetlar (Shoʻro) davri (1917–1991-yillar).
7) milliy istiqlol, demokratik va fuqarolik jamiyati qurish davri.