Davlat
Davlat (ot) — sinfiy jamiyatda asosiy ishlab chiqarish vositalari egalarining umumiy manfaatlarini taʼminlovchi va uni himoya qiluvchi siyosiy tashkilot. Ibtidoiy jamiyatda insoniyat urugʻ-qabila munosabatlari, urf-odat, rasm-rusumlar kabi axloqiy meʼyorlar bilan boshqarilgan boʻlsa, sinfiy jamiyatda jamiyat aʼzolari davlatning (hukmron sinfning) yozma erki boʻlgan (yozib qoʻyilgan) huquq-qonunlar orqali boshqariladigan boʻldi. Demak, davlat bu jamiyatni boshqaruvchi siyosiy mexanizmdir. Davlat oʻz faoliyatini organlari (amaldorlar apparati, sud, qoʻshin va h.k.) orqali yuritadi. Ilk davlat birlashmalari miloddan avvalgi IV ming yillikda qadimgi Mesopotamiya va Misrda vujudga kelgan. Vatanimiz hududida dastlabki davlat birlashmalarining paydo boʻlishi miloddan avvalgi II ming yillikning ikkinchi yarmiga toʻgʻri keladi.