Orqaga
Glossariyga qaytish

Davan Davlati

Davan (ot) — (qadimiy xitoycha “Dayuan”) Fargʻona vodiysidagi qadimgi davlat. Miloddan avvalgi XI–I-asrlarga oid Xitoy manbalarida keng, obod, boy mamlakat — Davan haqida maʼlumotlar keltirilgan. Davan shahar va voha hokimlarining erkin ittifoqidan iborat davlat boʻlgan. Ulugʻ hukmdor qarorgohi Gushanda boʻlgan. Baʼzi olimlar bu shaharni hozirgi Oʻzgan deb hisoblasa, boshqa olimlar Koson yoki Qoʻqon shahri deb taxmin qiladi. Xitoy manbalarida Davanning poytaxti Ershi deb nomlangan. Podsho hokimiyati qabila zodagonlaridan iborat oqsoqollar kengashi tomonidan cheklab qoʻyilgan. Oliy kengash hukmdori podsholikdan tushirishi va hatto oʻlim jazosiga hukm qilishi mumkin boʻlgan. “Davan” atamasi tarixiy adabiyotlarda milodiy III asrgacha uchraydi. Chjan Szyanning maʼlumotlariga koʻra, Davan aholisi 300 000 kishini tashkil etgan va unda 70 dan ortiq katta-kichik shaharlar boʻlgan. Davanda boqib koʻpaytiriladigan “osmon tulporlari” — argʻumoqlari Sharqda juda mashhur boʻlgan.