Orqaga
Glossariyga qaytish

Buyuk ipak yoʻli

Buyuk ipak yoʻli — Gʻarb bilan Sharqni bir necha asr mobaynida bir-biriga bogʻlab kelgan yoʻl. Bu yoʻl fanga 1877-yilda nemis olimi K. Rixtgofen tomonidan shunday nom bilan kiritildi. Unga qadar bu yoʻl “Gʻarbiy meridian yoʻl” deb atalib kelinardi. Buyuk ipak yoʻli 12 000 km uzunlikda boʻlib, u Sariq dengiz sohillaridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, Markaziy Osiyo, Eron, Mesopotamiya, Suriya orqali Oʻrta dengiz sohillarigacha davom etgan. Qadimgi va oʻrta asr davlatlarining hukmdorlari Buyuk ipak yoʻlidagi savdoni oʻz nazoratiga olishga doimo harakat qilgan. I–III asrlarda Ipak yoʻli savdosi Kushonlar nazorati ostida boʻlgan boʻlsa, III–VII asrlarda Oʻrta Osiyo va Sharq orqali oʻtgan mazkur yoʻlning nazorati sugʻdiylarning qoʻlida boʻlgan. VIII asrdan boshlab Ipak yoʻlidagi savdo nazorati arablar qoʻliga, IX–X asrlarda somoniylar, XI–XII asrlarda qoraxoniy, saljuqiy va xorazmshohlar qoʻliga oʻtdi. XIII asrga kelib Chingizxon Buyuk ipak yoʻlining barcha tarmoqlari boʻylab nazoratni qoʻlga kiritdi. Lekin bu davrga kelib, Buyuk ipak yoʻlidagi qizgʻin savdo-iqtisodiy aloqalarga putur yetgandi. XIV asrning 70-yillaridan Amir Temur siyosiy hokimiyatni qoʻlga olib, qudratli saltanatga asos solgach, el-yurtda barqarorlikni taʼminladi. Buyuk ipak yoʻlidagi savdo-iqtisodiy aloqalar yangidan rivojlanish pallasiga kirdi. Buyuk ipak yoʻlining nufuzi XVI–XVII asrlarga kelib pasaya boshladi. Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli savdo-sotiq quruqlik orqali emas, suv yoʻli orqali amalga oshirila boshlandi. Chunki dengiz orqali savdo ancha xavfsiz va nisbatan qulay edi. Osiyo mamlakatlaridagi oʻzaro urushlar va siyosiy beqaror vaziyat ham Buyuk ipak yoʻlining inqiroziga sabab boʻlgan. Ipak yoʻli birgina iqtisodiy ahamiyat kasb etmay, balki u diniy, madaniy meros yutuqlarini tarqatuvchi, mamlakatlararo diplomatik aloqalarni taʼminlovchi yoʻl ham edi.