Bosmachi
Bosmachi (ot) — Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar kuchlarning shoʻro davri tarixshunosligidagi nomi. Aslini olganda, Turkiston hududida podsho va sovetlar Rossiyasi bolsheviklarga qarshi qurolli kurash olib borgan turkistonliklar oʻzlarini “bosmachilar” deb tushunishmagan. “Bosmachi” deb xalq oʻrtasida harbiy sohaga aloqasi boʻlmagan jinoyatchi unsurlar, “oʻgʻri” va “bezorilar toʻdasi” tushunilgan. Shu bilan birga birovlarning yurtini bosib olgan bosqinchilarni ham “bosmachilar” deb atash mantiqan toʻgʻri boʻladi. Bu harakat haqida soʻz yuritilgan 1918–1919-yilning oʻrtalarigacha boʻlgan davrga tegishli arxiv hujjatlarida ham “bosmachi” soʻzi uchramaydi. Bu hujjatlarda“qaroqchi” (razboynik), “shayka”, juda boʻlmasa “bosqinchi” (bandit) iboralari qoʻllanilgan. 1919-yilning oʻrtalaridan boshlab sovet matbuotida, keyinchalik esa ayrim rasmiy hujjatlarda milliy ozodlik harakatining mohiyatini pasaytirish, ajdodlarimizning Rossiya zulmi va bolsheviklar hukmronligiga qarshi olib borgan qonli kurashini xaspoʻshlash uchun buyuk davlatchi-shovinistlar tomonidan “bosmachi” iborasi oʻylab topilgan. Bugun bu vatanparvarlik harakati rahnamolari “istiqlolchilar” deb yuritilmoqda.