Avesto
“Avesto” (ot) — oʻrta fors tilidan “apastak”, yaʼni “asos” deb tarjima qilinadi. Oʻrta Osiyoning ajralmas qismi hisoblangan Turonzamin hududlarida shakllangan qadimiy din — zardushtiylikning muqaddas kitobi. Unda oʻzbek, tojik, turkman, ozarbayjon, fors, afgʻon va boshqa xalqlarning ibtidoiy va qadimiy axloqiy tasavvurlari, koinot va yerdagi dunyoning yaratilishi bilan bogʻliq tushunchalar, afsona va rivoyatlar, falsafiy-axloqiy qarashlar oʻz ifodasini topgan. Fanda zardushtiylik va uning muqaddas kitobi “Avesto” paydo boʻlgan hududni Midiya deb hisoblovchi gʻarbiy nazariya va bu taʼlimotning beshigi Baqtriya, Sugʻdiyona, Fargʻona deb tasdiqlovchi sharqiy nazariya mavjud. Zardushtiylikni Xorazm bilan bogʻlovchi nazariyaning ilmiy adabiyotda juda koʻp tarafdorlari bor. “Avesto” da zardushtiylarning muqaddas olovi — “azarhurra” birinchi marta yoqilgan hamda Axuramazda Zardushtga namoyon boʻlgan mamlakat sifatida “Aryonam vayjo” eslatiladi. “Avesto” da keltirilgan geografik-iqlimiy sharoitlar koʻproq Xorazmga mos keladi. “Avesto” da Axuramazda tomonidan yaratilgan mamlakatlar sanab oʻtilgan. Birinchi oʻrinda, “Aryonam-vayjo” (Xorazm) tilga olinib, “goʻzallikda u bilan dunyoda hech narsa tenglasha olmaydi” deyiladi. Keyin “odamlar va chorvaga boy — Gava (Sugʻd)”, “qudratli va muqaddas — Mouru (Margʻiyona)”, “bayroqlari baland koʻtarilgan mamlakat — Bahdi (Baqtriya)” taʼriflanadi. Yuqoridagi maʼlumotlarga asoslanib, “Avesto” vatani Oʻrta Osiyo ekani haqida xulosa chiqarishimiz mumkin. “Avesto” dastlab 21 kitobdan iborat boʻlgan. Bizgacha uning ayrim qismlarigina saqlanib qolgan. Bu qadimgi qismlar Yasna, Visparat. Yasht va Videvdat deb nomlanadi.