Avesto tili
“Avesto” tili — zamonamizgacha yetib kelgan “Avesto” qismlari milodning III–VII asrlarida tahrir qilingan. “Avesto” boblari “pahlaviy” — oʻrta fors alifbosi asosida 48 ta belgili yozuvdan iborat boʻlgan. Zardushtiylik dini ahamoniylar saltanatining (mil. avv. VI–IV asrlar) davlat diniga aylantirilgan. “Avesto” matnlari miloddan avvalgi IV asrda toʻplanib, 21 kitob qilinadi. Abu Rayhon Beruniyning yozishicha, “Podsho Doro ibn Doro xazinasida 12 000 ta qoramol terisiga tillo suvi bilan bitilgan bir nusxa bor edi. Iskandar otashxonalarni vayron etib, ularda xizmat qiluvchilarni oʻldirgan vaqtda nusxani yondirib yubordi. Shuning uchun ham ‘Avesto’ ning 3/5 qismi yoʻqolib ketdi”. Sosoniylar (224–651) davriga kelib “Avesto” tili oʻlik, tushunarsiz boʻlib qolgan, ammo toʻplamda eski soʻzlar va tushunchalarning hammasi saqlangan. “Avesto” tili eroniy tillarning eng qadimgi shevalaridan biri boʻlgan va olimlar fikriga koʻra, qadimgi fors tiliga nisbatan ancha oldingi bosqichda, miloddan avvalgi II ming yillikning oxiri–I ming yillikning boshlarida paydo boʻlgan. “Avesto” birinchi boʻlib, fransuz olimi Anketil Dyuperron tomonidan 1771-yilda tarjima qilinadi. Uning qoʻlidagi “Avesto” qoʻlyozmalari XIII asrga oid boʻlgan.