Ashtarxoniylar
Ashtarxoniylar (joniylar) sulolasi — Buxoro xonligida shayboniylar sulolasining oʻrniga kelgan ikkinchi sulola. 1556-yilda Astraxan (Hojitarxon) xonligi Rossiya tomonidan bosib olingach, Joʻjixon nasliga mansub Astraxan xoni Yormuhammad oʻz oila aʼzolari va qarindoshlari bilan Buxoroga keladi. Buxoro xoni Iskandarxon (1561–1583) Yormuhammad va uning hamrohlariga oʻz mamlakatidan boshpana beradi. Yormuhammadxonning oʻgʻli Jonibek Sultonga oʻz qizi Zuhraxonimni xotinlikka beradi. Shu nikohdan 3 oʻgʻil (Dinmuhammad, Boqimuhammad, Valimuhammad) dunyoga keladi. Buxoro xoni Abdulmoʻmin oʻldirilgandan soʻng shayboniylar naslidan valiahd yoʻqligi uchun Jonibekning oʻgʻli Boqimuhammadxon 1601-yilda taxtga oʻtiradi. Shundan soʻng Buxoro xonligida Ashtarxoniylar (joniylar) sulolasining hukmronligi boshlanadi. Oʻzbek davlatchiligi tarixida ashtarxoniylar davri davlatchilik asoslarining yemirilishi, feodal tarqoqlik va parokandalikning kuchayishi bilan xarakterlanadi. Sulola vakillari: Boqimuhammadxon (1601–1605), Valimuhammadxon (1605–1610), Imomqulixon (1611–1642), Nodirmuhammadxon (1642–1645), Abdulazizxon (1645–1680), Subxonqulixon (1680–1702), Ubaydullaxon (1702–1711), Abulfayzxon (1711–1747), Abdulmoʻmin (1747–1748), Ubaydullaxon II (1748–1753).