Arshakiylar
Arshakiylar (ot) — hozirgi Turkmanistonning janubi va Eron hududlarida miloddan avvalgi 250-yildan milodiy 224-yilga qadar hukmronlik qilgan Parfiya davlatidagi sulola. Sulolaga dax qabilasining boshligʻi Arshak asos solgani uchun shunday nomlangan. Arshakiylar davlatining ilk poytaxti Ashxobod yaqinidagi Niso shahri boʻlgan. Keyinchalik u Erondagi Ktesifonga koʻchirilgan. Parfiya davlati Mitridat II (123–87) davrida juda kuchayib, Sharqning qudratli davlatiga aylanadi. Salavkiylar qoʻshini tor-mor etilib, Eron va Mesopotamiya hududlari podsholikka qoʻshib olinadi. Parfiya davlatining gʻarbga tomon kengayishi Rim imperiyasi bilan urushni keltirib chiqaradi. Miloddan avvalgi 53-yilda Karri jangida Orod II (57–36) Rimning mashhur sarkardasi Krass qoʻshinlarini qaqshatqich magʻlubiyatga uchratadi. Parfiya davlati Falastin, Suriya, Sharqiy Kichik Osiyoni ham ishgʻol etib, zamonasining eng buyuk davlatiga aylanadi. Milodimizning birinchi asridan Parfiya davlati asta-sekin inqirozga yuz tuta boshlaydi. Arshakiylar sulolasi Eronning sosoniylar sulolasi tomonidan 224-yilda tugatiladi. Parfiya davlati podsholari: Arshak (250–247), Tiritad (248–211), Artaban I (211–191), Prianat (191–176), Fraat I (176–170), Mitridat I (170–138), Fraat II (138–128). Artaban II (128–123), Mitridat II (123–87), Fraat IIl (87–57), Orod II (57–36). Mitridat IV (128–147), Vologez III (148–192), Vologez V (208–222), Artaban V (222–224).