Orqaga
Glossariyga qaytish

Afrosiyob

Afrosiyob (ot) — mifologik (afsonaviy) obraz. Afrosiyob “Avesto” kitobida “Frangrasyan” deb atalib, shohlik martabasini olish uchun kurashgan qahramon sifatida keltiriladi. Firdavsiy oʻzining “Shohnoma” asarida Eron shohlari bilan kurashgan Turon hukmdorini Afrosiyob deb ataydi. Mazkur asarda Afrosiyob Faridunning Tur ismli oʻgʻlidan tarqalgan deyiladi. Otasining ismi Pashang. “Shohnoma” da yozilishicha, Afrosiyob Erondan kelgan Siyovushga qizi Farangizni berib, oʻziga kuyov qilib oladi va makkorlik bilan uni oʻldiradi. Siyovushning oʻgʻli Kayxusrav Afrosiyobni oʻldirib otasining qasosini oladi. Afrosiyob turkiy yozma yodgorliklarda turkiy xalqlar bobokaloni, turkiylar podshosi, bahodir, jahongir yoʻlboshchi sifatida ulugʻlangan. Qoraxoniylar va saljuqiylar oʻz sulolalari shajarasini Afrosiyobga bogʻlagan. Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy asarlarida Afrosiyob Alp Er Toʻnga bilan bir shaxs qilib koʻrsatiladi. Lekin koʻpchilik tadqiqotchilar bu fikrga qoʻshilmaydi. Afrosiyob (ot) — Samarqandning eng qadimgi qismi. Miloddan avvalgi VIII–VII asrlarda bunyod etilgan. Afrosiyob tepaligi hozirgi Samarqandning sharqiy chekkasida joylashgan boʻlib, uning maydoni 219 gektarni tashkil etadi. Mifologik (afsonaviy) tasavvurlardan oʻsib chiqqan adabiy anʼana, yaʼni Afrosiyob Turon podshohi degan tushuncha tufayli Samarqandning qadimiy qoʻrgʻonidan tashqari Toshkentdagi Mingoʻrik xarobalari, Buxorodagi Romiton qoʻrgʻoni va boshqa tarixiy yodgorliklar xalq orasida hozirga qadar Afrosiyob nomi bilan bogʻlanadi.