2
Ulashish
582 marta koʻrilgan
XIII asr
Moʻgʻul-jin urushi
Yeuling jangi (“Yovvoyi tulki tizmasi jangi” ham deyiladi) Moʻgʻullar imperiyasi va Jurjon boshchiligidagi Jin sulolasi oʻrtasidagi (Jin sulolasi moʻgʻullar tomonidan bosib olishining birinchi bosqichida olib borilgan asosiy hal qiluvchi) jang edi. Ushbu jang 1211-yil avgust–oktabr oylarida Chjanjiakouda (Xubey provinsiyasi), hozirgi Vankuan tumani shimoli-gʻarbida, joylashgan Yeulingda (asl. “Yovvoyi tulki tizmasi”) boʻlib oʻtgan va moʻgʻullarning gʻalabasi bilan yakunlangan. Bu ularga Jinning shimoliy qismini bosib olish imkonini bergan. Shuningdek, bu urush Jin sulolasining zaiflashishi va tanazzulini tezlashtirgan.
Bundan oldingi voqealar
1206-yilda Temuchin moʻgʻul platosidagi barcha qabilalarni oʻz hukmronligi ostida birlashtirib, “Chingizxon” unvonini qabul qilgan. Shimoliy Xitoyda Jurjon boshchiligidagi Jin sulolasi esa moʻgʻul imperiyasining dunyo hukmronligiga intilishi yoʻlida katta toʻsiq boʻlgan. Oʻtmishda Jin sulolasi turli moʻgʻul qabilalarini parchalash va ularni nazorat ostida ushlab turish uchun “boʻlib hukmronlik qilish” strategiyasini qoʻllagan. Biroq u bu strategiya endi ish bermayotganini anglagan Jin sulolasi, moʻgʻullar tahdidini yagona yurish bilan bartaraf etish maqsadida urushga faol tayyorgarlik koʻra boshlagan. Jin sulolasi imperator Chjanjun hukmronligi davridan boshlab, shimoliy chegarasi 300 kilometr uzunlikdagi tizimli mudofaa chizigʻini qurgan. Bu chiziq baʼzan “Jin sulolasining buyuk devori” deb ataladi.
1204-yilning boshida Chingizxon Jin sulolasining shimoliy chegarasini qoʻriqlashda yordam bergan moʻgʻul qabilasidan boʻlgan oʻngudlarni boʻysundirgan. Shu vaqtda Chingizxon qizini oʻngud boshligʻining oʻgʻliga nikohlab berib, ular bilan ittifoq tuzgan. Moʻgʻullar Yin togʻlarining shimolidagi hududni nazorat qilib, Jin sulolasiga qarshi harbiy yurishga tayyorgarlik koʻrish uchun resurs toʻplashni boshlagan. Bundan tashqari, ular baʼzi jurjonlarni ham taslim boʻlishga undagan. Jin imperatori Xingsheng moʻgʻul tahdidini yetarlicha baholamagan va ularga qarshi mudofaani eʼtiborsiz qoldirgan. Shuningdek, u Jin sulolasi moʻgʻullardan ancha kuchliroq ekaniga ishongan.
1210-yilda Chingizxon Jin imperatori Xingshengning qoʻrqoq va rahbar boʻlishga noloyiq ekanini taʼkidlab, haqorat qilgan va shunday degan: “Imperator men kabi osmondan tushgan odam boʻlishi kerak”. Jin imperatori bu xabarni eshitgach, juda gʻazablanib, moʻgʻul elchisini qatl ettirgan. Shu tariqa moʻgʻullar va Jin sulolasi oʻrtasidagi ziddiyatlar keskinlasha boshlagan.
1211-yil mart oyida moʻgʻullar Jin sulolasiga qarshi yurish uchun 100 000 askar toʻplagan va Moʻgʻulistondagi bazasini qoʻriqlash uchun bor-yoʻgʻi 2 000 ga yaqin askarini qoldirgan. Bu moʻgʻul qoʻshinlarining 90 foizdan ortigʻi harbiy yurishga safarbar qilinganini anglatadi. Chingizxon kemaga chiqishdan oldin Xerlen daryosi boʻyida osmon xudosi Tengriga ibodat qilib, moʻgʻullarni gʻalaba bilan tabriklagan va 1146-yilda Jin imperatori Sizong buyrugʻi bilan xochga mixlanib qatl etilgan ajdodi Ambagʻay uchun qasos olishga vaʼda bergan.
Muqaddima
Chingizxon boshchiligidagi moʻgʻul otliq qoʻshini urushga hozirlik koʻrishni tugatgan holda, 1211-yil mart oyi oxirida Moʻgʻullar imperiyasi va Xitoy oʻrtasidagi chegara boʻlgan Buyuk devor tomon yoʻl olgan va nihoyat moʻgʻullarning Jinlarga qarshi bosqinchilik urushi boshlangan. Koʻp sonli qalʼalar va minoralar bilan qoʻllab-quvvatlangan Buyuk devorni 800 000 piyoda va 150 000 elita otliq qoʻshinlaridan tashkil topgan millionga yaqin Jin imperator askarlari himoya qilgan. Ularni imperator Sinsheng moʻgʻul tahdidiga qarshi mudofaa sifatida yuborgan. Jin imperatorining toʻgʻridan toʻgʻri buyrugʻi bilan moʻgʻullar bosqinini toʻxtatish va iloji boʻlsa, Buyuk devorda Jin qoʻshinini bostirish uchun Jin generali Vanyan Shenyu yuborilgan.
Jin imperator qoʻshini bosqinchi moʻgʻul qoʻshinlaridan deyarli oʻn baravar koʻp boʻlsa-da, Vanyan Shenyu moʻgʻullarning yaqinlashishini toʻsib qoʻyish uchun ularga devor boʻylab tarqalishni buyurgan. Devorning istalgan joyida bir nechta himoyachilar boʻlgan. Mazkur devor doimiy mudofaa devori emas, balki devorlari bir-biriga bogʻlanmagan, ammo qalʼalar bilan mustahkamlangan istehkomlar tizimi edi. Bu haqiqatni esa Chingizxon bilib qolgan, chunki u oʻz qoʻshinlarini jalb qilishdan oldin uning razvedkachilari devorning katta qismini kuzatib turgan. U razvedkachilaridan maʼlumot olib, mudofaa tizimining eng kam himoyalangan qismi yovvoyi tulkilar yashaydigan Yeuling nomli choʻl tizmasiga olib boradigan Vusha qalʼasi ekanini aniqlagan. Shuning uchun hududning nomi xitoycha “Yovvoyi tulki tizmasi” degan maʼnoni anglatadi. Yeuling tizmasi Juyong dovoni shimoli-gʻarbida joylashgan boʻlib, u Szin poytaxti Jongdu shahriga (markaziy poytaxt — hozirgi Pekin) kirish eshigi boʻlgan. Tizma etagidagi tekislikda 400 ming askardan iborat Jin qoʻshinining asosiy kuchi ham joylashgan.
Jang uch bosqichda 1211-yil martidan oktabrigacha, moʻgʻul qoʻshini deyarli qarshiliklarsiz Buyuk devordan oʻtgungacha davom etgan. Jin kansleri Duji Sijong Jin armiyasining asosiy qismini shimoli-gʻarbiy frontga olib borgan. Ular atigi 30–50 ming qoʻshinga ega boʻlgani sababli moʻgʻul otliqlarining soniga teng kela olmagan. Kansler Jin sulolasining Buyuk devori boʻylab mudofaani kuchaytirish va moʻgʻullarning janubga qarab harakatlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun qoʻshin yuborgan. Chingizxon oʻzining uchinchi oʻgʻli Oʻqtoyga qoʻshin yordamida Jinning gʻarbiy poytaxti Xijing shahriga (hozirgi Datong, Shanxi) hujum qilish va dushmanning qoʻshimcha kuchlarini toʻsib qoʻyishni buyurgan.
Xonning oʻzi asosiy moʻgʻul qoʻshiniga boshchilik qilib, Vusha qalʼasiga hujum qilgan va Vuyue lagerini egallagan. Shu tariqa Jin armiyasining mudofaa chizigʻini yoʻq qilgan. Duji Sijong jangda halok boʻlgan va Jin armiyasining koʻp qismi yoʻq qilingan. Bu jang 1211-yilning martidan iyun oyi oxirigacha davom etgan. Keyin moʻgʻullar Yeuling tomon harakat qilish va Jin imperator saroyiga elchi yuborishdan oldin taxminan bir oy dam olgan.
Yeuling va Guanerju jangi
Duji Sijongdan keyin kansler lavozimini egallagan Vanyan Shengyu Jin armiyasiga rahbarlik qilgan. U oʻz odamlariga Xenchjoudagi uchta shaharni (hozirgi Jenglan, Ichki Moʻgʻuliston, Chanjou, Fuchjou va Yehu togʻi) tark etishni, soʻngra Hebeling tomon harakatlanishni buyurgan. Uning maqsadi, moʻgʻul otliqlariga toʻsqinlik qilish uchun Yeulingdagi togʻli yerlardan foydalanish edi.
Togʻli yerlar moʻgʻul otliqlari uchun qiyinchilik tugʻdirgan. Biroq bu katta Jin kuchlari uchun ham kurashish qiyin boʻlgan hudud edi. Koʻplab Jin qoʻshinlari vodiy togʻlari va toʻsiqlari orasida tarqalib ketgan. Mashaqqatli hudud va uzoq masofa aloqa va qoʻshinlar muvofiqlashtirilishini qiyinlashtirgan. Moʻgʻullar maqsadli va qatʼiy hujumni amalga oshirganida, bu Jin kuchlari uchun halokatli boʻlishi mumkin edi.
Jin imperator sudi Chingizxon bilan uchrashish va tinchlik muzokaralarini boshlash uchun kitanlik amaldor Shimo Mingʻanni yuborgan. Biroq Chingizxon Shimo Mingʻanni taslim boʻlishga va oʻz tomoniga ogʻdirishga muvaffaq boʻlgan. Shimo Mingʻan hatto moʻgʻullarga Jin armiyasi haqida harbiy razvedka maʼlumotlarini taqdim etgan.
Chingizxon general Muqalini Guanerjudagi oʻtish joyi orqali dushmanga qarshi kutilmagan otliq hujum boshlash uchun Balu boʻlinmasini boshqarishga yuborgan. Muqali jang oldidan Chingizxonga: “Jin qoʻshinini yengmasdan tirik qaytmayman!”, — deb vaʼda bergan. Moʻgʻul qoʻshinining oʻziga boʻlgan ishonchi koʻtarilgan. Togʻli hudud tufayli moʻgʻullar oʻzining ustun otliq qoʻshinlarini toʻliq foyda bilan joylashtira olmagan. Shuning uchun ular otdan tushib, piyoda jang qilgan. Yuqori boʻlgan ishonch bilan, moʻgʻullar markaziy Jin kuchlarini magʻlub etib Vanyan Shengyuning asosiy qarorgohi tomon jang qilgan. Aloqalar yomonligi tufayli Jin sulolasi yordamchi kuchlari markaziy Jin pozitsiyalarini himoya qila olmagan.
Oxir-oqibat Jin qoʻshini tartibsiz boʻlib,shijoatni yoʻqotgan va parchalana boshlagan. Jin armiyasining dala qoʻmondoni Vanyan Jiujin jangda halok boʻlgan. Markaziy Jin kuchlari qulashi bilan yaqin atrofdagi boshqa Jin kuchlari ham tez orada magʻlubiyatga uchragan va qirgʻin sodir boʻlgan. Butun Jin armiyasi yoʻq qilinib, oʻlik jasadlar 1770 kilometrdan koʻproq masofada qoldirilgan. Bu jang 1211-yil avgustda boʻlib oʻtgan.
Huihe qalʼasi jangi
Vanyan Shengyu Guanerju va Yeuling jangidan keyin tarqoq Jin kuchlarini Huihe qalʼasiga toʻplashga muvaffaq boʻlgan. Biroq ular tez orada 1211-yil oktabr oyida moʻgʻul qoʻshinlarining taʼqibi orqali hujumga uchragan. Moʻgʻullar Jin qoʻshinlarini tezda oʻrab olgan va ular bilan uch kun davomida qattiq jang qilgan. Keyin Chingizxon shaxsan 3 ming otliq qoʻshinni dushman tomon yoʻllagan. Qolgan moʻgʻul qoʻshinlari esa orqadan ergashgan. Vanyan Shengyu tiriklayin qochib qutulgan paytda butun Jin armiyasi yoʻq qilingan. Vanyan Shengyu oʻrniga Tushan Yi kansler etib tayinlangan.
Jangdan soʻng Jin imperatori Xingsheng markaziy poytaxt Chjungduda (hozirgi Pekin) oʻzining generallaridan biri boʻlgan, keyinchalik shahar ustidan nazorat oʻrnatgan Xushoxu tomonidan oʻldirilgan. Moʻgʻullar toʻrt yil davomida Chjungduni bosib olib, qamal qilgan. Qamal paytida Jongdu aholisi oxir-oqibat taslim boʻlishga qaror qilishdan oldin omon qolish uchun kannibalizm¹ bilan shugʻullanishga majbur boʻlgan. Moʻgʻullar Jin sulolasiga Jongdu ustidan nazoratni saqlab qolishga ruxsat bergan, lekin ularni 500 erkak, 500 ayol va 3 000 otdan iborat soliq toʻlashga majbur qilgan. 1212-yilning yozida Jin sulolasi imperatori Syuan Szun Chjungduni tashlab, poytaxtni janubdagi Byanjinga (hozirgi Kayfen, Xenan) koʻchirgan. Bu zaiflik va qoʻrquv namoyishi moʻgʻullarni Jinning qolgan qismini zabt etish uchun hujumlarini davom ettirishga undagan.
Jin sulolasi kuchlari Yeuling harbiy yurishida butkul magʻlubiyatga uchragan. Oʻnga yaqin Jin shahri moʻgʻullar tomonidan talon-taroj qilingan. Jin sulolasi keyingi yigirma yil davomida hokimiyatni saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa-da, uning markazi jiddiy ravishda zaiflashgan. Magʻlubiyatga qaramay, Jin sulolasi oʻz chegaralarini kelajakdagi moʻgʻul bosqinlaridan himoya qilish orqali Xitoyning janubidagi Janubiy Song sulolasini bosib olishni birinchi oʻringa qoʻygan. Bu Janubiy Song va Jin sulolalari oʻrtasida adovat kuchayishiga olib kelgan. Oxir-oqibat, Janubiy Song sulolasi Jin sulolasiga qarshi moʻgʻullar bilan ittifoq tuzgan va 1234-yilda Jin sulolasi yoʻq qilingan.
[1] Fransuzcha “odamxoʻr” yaʼni inson inson goʻshtini isteʼmol qilishi
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova surat: midjourney.com