Kolizey, (asl nomi Flavian amfiteatri) — Flavian imperatorlari hukmronligi ostida Rimda qurilgan ulkan amfiteatr. Kolizey qurilishi eramizning 70—72-yillari oraligʻida Vespasian davrida boshlangan. U Palatin tepaligidan sharqda, Neron oltin uyining oʻrnida joylashgan. Ham ramziy, ham amaliy maqsadlar tufayli saroy markazidagi sunʼiy koʻl butunlay quritilgan va u yerda Kolizey barpo etilgan. Taxtga chiqish yoʻli nisbatan kamtarona boʻlgan Vespasian zolim imperatorning shaxsiy koʻli oʻrniga oʻn minglab rimlikni sigʻdira oladigan amfiteatr qurishga qaror qilgan.
Inshoot qurilishi 100 kunlik oʻyinlarni qamrab olgan marosimda imperator Tit tomonidan milodiy 80-yilda rasman tugatiladi. 82-yilda imperator Domitsian bir qancha oʻzgartirishlar qoʻshib, ishni to‘liq yakunlaydi. Avvalgi amfiteatrlardan farqli oʻlaroq, Kolizey tosh va betondan yasalgan mustaqil inshoot boʻlib, silindrik va krestsimon gumbazlarning murakkab tizimidan foydalanilgan. Umumiy oʻlchami 620 ga 513 fut (189 ga 156 metr)ni tashkil qiladi. Arenaning uch qavati tashqi tomondan Doriy, Ioniy va Korinf orderi ustunlari tutib turuvchi ravoqlar bilan oʻralgan. Oʻsib boruvchi tartibdagi inshoot ustunlari orderlar tizimi nomi bilan Uygʻonish davri kodifikatsiyasining asosi boʻlib xizmat qildi. Asosiy konstruktiv karkas va fasad travertindan, ikkilamchi devorlari vulqon tufasidan, ichki va ravoq gumbazlari esa betondan yasalgan.