Orqaga
Ko'zoynak ixtiro qilinishi.

598 marta koʻrilgan

XIII asr

Koʻzoynaklarning kelib chiqishi tarixi

Dunyoni tiniq koʻrish uchun koʻzoynakka murojaat qiladigan insonlar narsa-buyumlarni kattalashtirib koʻrsatish uchun shishadan foydalanish mumkinligini kashf etgan rimliklarga juda koʻp minnatdorchilik bildiradi. Badavlat rimliklar hozirgi kattalashtiruvchi koʻzoynaklarga oʻxshash boʻlgan shisha sharlar yasash uchun shisha puflovchilarga buyurtma beradi. Ularni kichik shriftda yozilgan matnga qarama-qarshi qoʻysangiz, harf va soʻzlarni oʻqish mumkin boʻladi, yaʼni shisha harflarni kattalashtirib koʻrsatadi.

Vaqt oʻtishi bilan shishaga ishlov beruvchi va muhandislar bu sanʼatni mukammallashtirishda davom etib, ingichka va yupqa egilgan shisha blok va linzalarni yaratdi. Bu oson ish emasdi, chunki shishadagi notoʻgʻri koʻrsatuvchi omillarni minimallashtirish uchun u iloji boricha aniq, toza va silliq boʻlishi kerak edi.

Shisha linzalarni ramkaga oʻrnatgan birinchi odamning ismi maʼlum boʻlmasa-da, bilamizki, eng uzoq vaqt saqlanib qolgan koʻzoynaklar XIII asrga (1200-yillarga) tegishli. Ular Italiyada paydo boʻlgan va asosan rohiblar tomonidan taqilgan. Chunki rohiblar oʻsha paytda oʻqish va yozishni oʻrganishga ruxsat berilgan yagona odamlar edi. Dastlabki koʻzoynaklarning vazni ogʻirroq edi. Qalin hamda biroz egilgan shisha linzalar koʻpincha teri yoki yogʻoch ramkalarga oʻrnatilardi. Vaqt oʻtishi bilan koʻzoynaklar koʻplab dizayn bosqichlaridan oʻtdi.

Ko'zoynak ixtiro qilinishi.

1352-yilda Tommaso da Modena tomonidan chizilgan Dominikan kardinali va taniqli bibliyashunos olim Gyugo Sent-Cher portretining tasviri / wikipedia.org

Koʻzoynaklarning 300 yillik barqaror dizayni

Ular 1700-yillarga qadar bir xil shakl-shamoyilni saqlab qolgan. Oʻsha paytga qadar koʻplab koʻzoynaklar qoʻlda ishlatiladigan qurilmalarsiz taqilgan. Ular “qoʻl bilan ushlamasa ham foydalansa boʻladigan boʻldi” va linzalar yupqaroq, nozikroq boʻlishda davom etdi, ramkalar ham noziklashdi. Chunki vaqt oʻtishi bilan shisha va metall buyumlar innovatsiyasi rivojlandi.

Dastlabki koʻzoynak sotuvchilar mijozlarga oddiy koʻrish testlarini taqdim etardi va keyin bemorlarning koʻrish muammolarini bartaraf etish maqsadida linzalarning shaklini hosil qilish uchun shisha puflagichdan (shishasozlar maxsus puflagich quvurlar yordamida eritilgan shishalarga shakl berishgan) foydalanardi. Dastlabki bir necha yuz yil davomida ishlab chiqarilgan koʻzoynaklarning asosiy qismi yaqinni koʻrishga qiynaladigan odamlarga oʻqishda yordam berish uchun moʻljallangan.

Shunday boʻlsa-da, koʻzoynaklar narxi juda qimmatga tushardi. Ular dastlab faqat erkaklar tomonidan ishlatilgan (koʻzoynak taqish paydo boʻlgan dastlabki asrlar — ayollarga ilm olishga ruxsat berilmagan paytlar edi). Ayollar oʻqish-yozishni oʻrganishga muvaffaq boʻlganidan soʻng esa koʻzoynaklar faqat diniy ulamo va oʻta boy sinflar uchun mavjud edi.

Ko'zoynak ixtiro qilinishi.

Bad Vildungen cherkovi qurbongohida «Ko’zoynakli havoriy» rasmi, Germaniya / wikipedia.org

Benjamin Martinning Martinʼs Margins koʻzoynaklari

Dastlabki kattalashtiruvchi linza va koʻzoynaklarning ixtirochilari haqida yetarlicha maʼlumotga ega boʻlmasak-da, lekin Benjamin Martinning koʻzoynak rivojiga katta hissa qoʻshganini shaxslardan biri hisoblanadi. U XVIII asrning eng mashhur koʻzoynak ishlab chiqaruvchilaridan biri boʻlgan. Uning koʻzoynaklari Martinʼs Margins deb nomlangan va ular bugungi kunda ham kolleksionerlar eʼtiborini tortib kelmoqda.

Olim, ixtirochi va siyosatchi Benjamin Franklin koʻzoynak dizaynini yaxshilashga doir shaxsiy qiziqishini bildirgan, chunki unga ham oʻqish va yozish uchun linzalar zarur edi. Aynan Franklin birinchi bifokalni (yuqori qismi uzoqni, pastki qismi yaqinni yaxshiroq koʻrishga moʻljallangan linzali koʻzoynak) ixtiro qilgan boʻlib, u foydalanuvchiga uzoq masofani koʻrish va koʻzoynagini olib tashlamasdan oʻqish, yaqin masofadagi narsalarni koʻra olish imkonini berardi. Dastlab Franklin buni ikki xil linzalarni yarmidan kesib, ularni bitta ramkaga joylashtirish orqali amalga oshirdi. Vaqt oʻtishi bilan optiklar (koʻzoynak yasaydiganlar) bu effektni bitta linzada yaratish imkoniyatini rivojlantirdi. Koʻzoynaklar XIX asrgacha va undan keyin ham boylar uchun hashamatning bir boʻlagi boʻlib qoldi. Yaxshiyamki, sanoat inqilobi keng koʻlamli ishlab chiqarishga imkon berdi. Hali hamon qimmat boʻlsa-da, koʻpchilik oʻrta sinf vakillari nihoyat pul yigʻib, koʻzoynak sotib olishi mumkin boʻldi.

Ko'zoynak ixtiro qilinishi.

Benjamin Martinning “Martin’s Margins” koʻzoynagi / wikipedia.org

Koʻzoynaklardagi zamonaviy innovatsiyalar

“Ishlab chiqarish osonlashishi bilan eʼtibor uslubga qaratildi. XIX asr oxiri va XX asrning boshlarida koʻzoynak ishlab chiqaruvchilar funksional takomillashtirish bilan bir qatorda uslubga ham eʼtibor berishni boshladi. Natijada bir vaqtlar “bir uslub hammaga mos keladi” degan tushuncha, turli xil rang va naqshlarni mujassamlashtirgan turli shakldagi ramkalar bilan ozmi-koʻpmi oʻzgardi. Qizigʻi shundaki, koʻzoynaklar Yevropa va Amerika bozorlarida sezilarli darajada rivojlangan boʻlsa-da, birinchi rangli linzalar XII asrda Xitoyda paydo boʻlgan. Oʻsha paytda linzalar koʻzni quyoshdan himoya qilish uchun emas, balki sud ishlarida xitoylik sudyalar koʻzidagi ifodani koʻrmaslik uchun ishlatilgan.

XX asrga kelib, rangli koʻzoynaklar uslub va taʼsirchan koʻzni yorugʻlikdan himoya qilish uchun tobora koʻproq foydalana boshlangan. Shunday qilib, 1920-yillarda quyoshdan saqlaydigan koʻzoynaklar tobora ommalashib bordi. Plastik linzalar bozorga 1980-yillardan keyin kirib keldi va bu inqilobiy rivojlanish edi. Endilikda linzalar ancha arzonroq ham edi.

Bugungi kunda koʻzoynak taquvchilar uchun koʻplab variantlar mavjud. Jumladan, retsept boʻyicha beriladigan quyoshdan saqlaydigan koʻzoynak, bifokal, vaqtinchalik linzalar va ekrandan taralib, koʻzimizga taʼsir qiladigan koʻk yorugʻlik nurini bloklaydigan, retsept boʻyicha va retseptsiz beriladigan linzalar. Bularning barchasi biz, insonlar, atrofni goʻzalliklarini yanada yaxshiroq koʻrish uchun yaratilgani aniq.



Manbalar: atlanticeyeinstitute.com / wikipedia.org / aao.org
Muqova surat: midjourney.com