© 2023

Kanishka – kushonlar davlatining eng buyuk hukmdori
Milodiy 30-yil
• Kushon podsholigi

Kanishka – kushonlar davlatining eng buyuk hukmdori

Kaniska, shuningdek, Kanishka, xitoycha Chia-ni-se-chia (milodiy I asr) Hindiston yarimqit’asining shimoli, Afgʻoniston, Markaziy Osiyo va Kashmi viloyatidan shimolga tomon hududida hukm surgan Kushon sulolasining eng buyuk hukmdori boʻlgan. Biroq u koʻp hollarda buddaviylikning buyuk homiysi sifatida yodga olinadi.

Kaniska haqidagi maʼlumotlar Xitoy manbalari, xususan, buddaviylik yozuvlarida aks etgan. Uning taxtga kelgan sanasi aniq emas. Tarix sahifalariga kirib kelishi taxminan milodiy 78 va 144-yillar orasida roʻy bergan deb hisoblanadi. Kaniskaning hukmronligi 23 yil davom etgan. 78-yil Kaniska asos solgan deya taxmin qilinuvchi taqvim — Shaka davrining boshlanishi sifatida belgilanadi.

Qoldirilgan meros hamda istilolar tufayli Kaniskaning hukmronligi gʻarbda Buxorodan (hozirda Oʻzbekiston hududida) sharqda Gang (Ganga) daryosi vodiysidagi Patnagacha, shimolda Pomirdan (hozirda Tojikiston hududida) janubda Markaziy Hindistongacha boʻlgan hududlarni qamrab olgan.

Poytaxti Purusapura (Peshovar, hozirda Pokiston hududida) boʻlgan deb taxmin qilinadi. Kaniska Pomirni kesib oʻtib, avvallari Xitoydagi Xan imperatorlarining irmoqlari boʻlgan Xoʻtan, Qoshgʻar, Yorkent (hozirgi Xitoyning Shinjong viloyati) shahar davlatlari podsholarini oʻziga boʻysundirgan boʻlishi mumkin. Kaniska va Markaziy Osiyodagi xitoyliklar orasidagi aloqa hind gʻoyalarining, jumladan, buddaviylikning Xitoyga kirishiga turtki boʻlgan deb hisoblanadi. Xitoyda buddaviylik milodiy II asrda paydo boʻla boshlagan.

Buddaviylikning homiysi sifatida Kaniska Mahayana buddaviyligining ibtidosi boʻlgan Kashmirdagi toʻrtinchi yirik buddaviylik kengashini chaqirgan deb taʼkidlanadi. Xitoy manbalarida keltirilishicha, bu kengashda buddaviylik qoidalariga ruxsat berilgan sharhlar tayyorlanib, mis plitalarga oʻyib yozilgan. Ushbu matnlar faqatgina xitoycha tarjima va moslashuvlarda saqlanib qolgan.

Kaniska bagʻrikeng hukmdor edi. Uning zamonidagi tangalar Kaniskaning Buddadan tashqari zardushtiylik, yunon va Brahman ilohlarini ham hurmat qilganini koʻrsatadi. Uning hukmronligi davrida Ipak yoʻli orqali Rim imperiyasi bilan o'rnatilgan aloqalar savdo-sotiq hamda gʻoyalar almashinuvining sezilarli yuksalishiga sabab boʻladi. Gandhara sanʼat maktabi Kaniska podsholigidagi sharq va gʻarb taʼsirining ajoyib namunasi boʻlib, unda Budda suratlarida yunon-rim chiziqlari aksini koʻrish mumkin boʻlgan.