Forsliklar kuchli individualist, boʻysunmas arman xalqini assimilyatsiya qilishda vizantiyaliklar singari muvaffaqiyatli boʻlmagan. Fors sosoniylar shohi Yazdigard II arman fuqarolariga zardushtiylik dinini singdirish uchun boʻlgan notoʻg‘ri urinishi 451-yilda urushga sabab bo‘ldi. Armanlar qoʻmondoni avliyo Vardan Mamikonyan va uning safdoshlari Avarayr jangida (451-yil 2-iyun) halok boʻlgan boʻlsa-da, forslar armanlar dinini kuch bilan oʻzgartirish fikridan qaytadi va arman urf-odatlarining bosh xoini Syunik marzban Vasakni taxtdan agʻdaradi.
Vardanning jiyani, Vahan Mamikonyan boshchiligidagi 482—484-yillarda boʻlib oʻtgan qoʻzgʻolon forslarga harbiy koʻmak evaziga Armaniston uchun diniy va siyosiy erkinlikni taʼminladi. Vahanning marzban etib tayinlanishi esa armanlarga yana oʻziga oʻzi hokim boʻlishiga yordam beradi. Armanlar oʻz mustaqilligi 554-yilda, Dvin kengashi Kalsedon kengashining (451-yil) diofizit formulasini rad etganida tasdiqlab oldi, bu hodisa ularni gʻarbdan uzib qoʻyuvchi qadam boʻldi, sharqdan esa allaqachon mafkuraviy jihatdan ajralib boʻlgandi (Diofizit formulasiga koʻra, Xudoning oʻgʻli Masih “chalkashliklarsiz, oʻzgarishlarsiz ajralishlarsiz, boʻlinishlarsiz” — ikki xil tabiatga ega).
536-yilda Vizantiya imperatori Yustinian I Vizantiya Armanistonini 4 provinsiyaga aylantirdi, arman zodagonlarini bostirish hamda aholini koʻchirish orqali mamlakatda ellinlashtirish ishlarini yakunladi. 591-yilda imperator Moris Sosoniylar shohi Xusrav II’ga Fors taxtini egallashga yordam berish evaziga davlat hududi sharq tomon kengayadi. Arman tarixchisi Sebeosning soʻzlariga koʻra, Moris koʻplab armanlarni Frakiyaga koʻchirganidan soʻng fors shohiga o'zidan namuna olishni va “oramizda fitna uygʻotuvchi bu qaysar va boʻysunmas xalqni” oʻzining sharqiy frontiga jang uchun yuborishni maslahat beradi. Imperator Fokas hamda Xusrav II oʻrtasidagi jang vaqtida forslar Vizantiya Armanistonini qoʻlga kiritib, bir qator marzbanlar tayinladi. Ammo 623-yilga kelib, imperator Gerakliy ularni hokimiyatdan chetlatadi. 628-yilda Xusravning qulashidan soʻng forslar arman zodagoni Varaztirotz Bagratunini hukmdor etib tayinlaydi. U tez orada Armanistonni Vizantiya qo'l ostiga oladi, ammo imperator Gerakliyga fitna uyushtirgani uchun surgun qilinadi (635-yil).