
2
Ulashish
32 marta koʻrilgan
1938–1945
Chexoslovakiyaning natsistlar Germaniyasi tomonidan egallanishi
Chexoslovakiyaning natsistlar Germaniyasi tomonidan egallanishi 1938-yilda Sudet viloyatining (hozirgi Chexiyada joylashgan) Germaniyaga qoʻshib olinishi bilan boshlanadi. Bogemiya va Moraviya protektorati yaratiladi va 1944-yil oxiriga kelib, Chexoslovakiyaning barcha hududi Germaniyaga qoʻshib olinadi.
1938-yilning martidagi Anshlyusda (nemischa “Anschluss” — “qoʻshib olish”; Birinchi jahon urushidan keyin Germaniyaning Avstriyani oʻziga qoʻshib olishdan iborat zoʻravonlik siyosati) hamda oʻsha yilning sentabrida boʻlib oʻtgan Myunxen bitimidan soʻng Adolf Gitler Chexoslovakiyadan Sudet viloyatini tortib oladi. Sudetni yoʻqotish Chexoslovakiya mudofaasiga zarar yetkazadi, chunki davlatning bepoyon chegara qarorgohlari aynan shu hududda joylashgan edi.
1938-yil 1-oktabrda boshlangan bu voqea natijasida Chexoslovakiyaning qolgan qismlari zaif ahvolda qoladi. Bundan tashqari, Zaolzie nomli chegara hududining shimoli-sharqidagi kichik qism bosib olinib, Polshaga qoʻshib beriladi. Bu ishning sababi etib, goʻyoki mahalliy etnik polyak jamiyatini saqlab qolish va avvalgi hududiy daʼvolar koʻrsatiladi. Shuningdek, ilk Vena arbitraji sifatida Vengriya Slovakiya va Podkarpatning (hozirgi Ukrainada joylashgan) asosan vengerlar yashaydigan janubiy hududlarini qoʻlga kiritadi.
Gitlerning Chexoslovakiyaga boʻlgan qiziqishi iqtisodiyot bilan bogʻliq edi. Germaniya iqtisodi kattaligi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda boʻlib, ammo Germaniya aholisi nemis qishloq xoʻjaligi layoqatidan ancha koʻp edi. Bundan tashqari, xomashyo yetishmaganidan, ularni import qilishga zarurat tugʻilgandi.
1936-yilning sentabrida Gitler yoʻlga qoʻygan “Toʻrt yillik reja” 1940-yilga qadar nemis iqtisodiyotini “yirik urush” ga taxt qilishi kerak edi. Biroq bu reja 1937-yilga kelib, nemis iqtisodiyotini shunday taranglashtirib qoʻyadiki, Germaniya hukumati ham aholisining qornini toʻydirish, ham “Toʻrt yillik reja” ning jimjimador maqsadlariga erishish uchun turli xomashyolar import qilish uchun xorij valyuta zahirasidan foydalanishga majbur boʻladi. “Toʻrt yillik reja” avtarkiya (oʻz-oʻzini taʼminlash qoidasiga asoslangan iqtisodiy siyosat) ga asoslangan boʻlsa-da, bir qator rudalar, jumladan, oliy sifatli temir, neft, xrom, nikel, volfram va boksit Germaniyada yoʻq boʻlgani uchun importga ehtiyoj bor edi.
Oziq-ovqat va xomashyoni import qilishga boʻlgan zarurat tufayli Germaniya Yevropaning Buyuk Britaniyadan keyingi eng yirik importchisiga aylanadi. Bundan tashqari, turli qurol ishlariga, masalan “Reichswerke” poʻlat kompleksiga, sunʼiy yoqilgʻi ishlab chiqish boʻyicha, alyuminiyga moʻljallangan va boshqa qimmatbaho kimyoviy dasturlarga yuz millionlab reyxsmarka (Uchinchi reyxning pul birligi) sarflandi. Bularning bari Germaniya iqtisodiyotini zaiflashtirib qoʻydi.
Buyuk Depressiya inqirozi savdo urushlari va proteksionizm davri boʻlgan. Shuning uchun ham Germaniyaning eksport qilish va buning orqasidan keladigan xorijiy valyutada daromad olish salohiyati cheklangan edi. “Toʻrt yillik reja” ning avtarkiya maqsadi Germaniyada bojning oshishiga xizmat qildi. Bu esa boshqa davlatlar ham bojni oshirib, oʻziga xos qasos olishiga olib keldi. Britaniya tarixchisi Richard Overining yozishicha, “Toʻrt yillik reja” ning yirik talablari “…importning oʻrnini bosish va sanoatni ratsionallashtirish siyosati bilan toʻlaqonli mos kelmadi”. Shu sababdan ham Gitler qurollar poygasida boshqa kuchli davlatlar bilan bir qatorda turish uchun 1937-yilning noyabrida Chexoslovakiyani egallab olishga qaror qiladi.
1937-yil 5-noyabrda boʻlib oʻtgan Hossbax konferensiyasida Gitler Chexoslovakiyani bosib olish nemislar nazorati ostidagi oziq-ovqat taʼminotini oshirishi, natijada ozuqa mahsulotlarini import qilishga hojat qolmasligi toʻgʻrisida eʼlon qiladi. Bu esa xorij valyutasining yanada koʻp qismi “Toʻrt yillik reja” maqsadi yoʻlida zarur boʻlgan xomashyolarni importi uchun sarflanishiga xizmat qiladi, degani edi.
Hossbax konferensiyasida Germaniyaga qoʻshilgan hududlarni nemis iqtisodiy nazoratiga kiritish masalasi keng qamrovda muhokama qilinadi. Gitler shunday degan edi: “Reyx bilan yonma-yon joylashgan xomashyo ishlab chiqaruvchi Yevropa hududi juda foydali boʻlishi mumkin”. Overi Gitlerning Reyxdagi iqtisodiy muammolariga munosabatini quyidagicha izohlaydi: “Yaponlar Manjuriyada amalga oshirgani singari Gitler ham urushni nemis resurs bazasini kengaytirish va boshqa davlatlarga qarshi xavfsizlikni taʼminlashning yechimi sifatida koʻradi”.
Oʻsha vaqtda Chexoslovakiya Yevropadagi yettinchi eng yirik iqtisodiyotga ega edi. Shuningdek, Sharqiy Yevropadagi eng zamonaviy, rivojlangan va sanoatlashgan iqtisodiyot ham Chexoslovakiyaniki edi. Hozirda Chexiya tarkibidagi Avstriyaning sobiq provinsiyalari boʻlmish Bogemiya, Moraviya va Silesiya Avstriya imperiyasining sanoat “oʻchogʻi” hisoblangan. Avstriya imperiyasi qoʻshini uchun qurollarning asosiy qismi aynan shu provinsiyalarda ishlab chiqarilar edi. Ulardan eng koʻzga koʻrinarlisi Škoda Works zavodidir. Bu provinsiyalar tufayli Chexoslovakiya Sharqiy Yevropada Sovet Ittifoqini hisobga olmaganda, qurol import qilmay, oʻzi ishlab chiqaradigan yagona davlat maqomiga erishgan edi.
1939-yil 14-martda Slovakiya davlati eʼlon qilindi. Ertasi kuni Vengriya Podkarpatning qolgan qismini bosib oladi. Chexoslovakiya prezidenti — Emil Gaxaning Berlinga tashrifi davomida u mamlakat mustaqilligini yoʻqotuvchi hujjatni imzolashga majburlanadi. 16-martda esa Gitler Praga qasrida turib, Bogemiya va Moraviya protektorati tuzilganini eʼlon qiladi va Gaxani nomigagina davlat prezidenti etib qoldiradi. Gaxada hech qanday qudrat boʻlmaydi, haqiqiy hokimiyat Gitlerning shaxsiy yordamchisi boʻlgan Reyxsprotektorga berilgan edi.
1944-yilning martida Vengriya Margarete operatsiyasining bir qismi sifatida Germaniyaga qoʻshib olinadi. Shu yilning avgustida boʻlib oʻtgan slovak milliy qoʻzgʻolonidan soʻng Slovakiyani ham shu taqdir kutayotgan edi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng Germaniyaning taslim boʻlishi bilan bosqinchilik ham tugaydi. Nemislar bosqinchiligi davomida 294 000 dan 320 000 nafargacha inson qatl etiladi (ularning asosiy qismini yahudiylar tashkil etgandi). Reynxard Geydrixning oʻldirilganidan keyin qatagʻon yanada keskinlashadi (masalan, mashhur Liditse qirgʻini). Aholining aksar qismi Germaniyaga qullikka yuboriladi.





























































































































































































































