© 2023

Qudratli Bulgʻor podsholigining barpo etilishi
VIII–IX asrlar

Qudratli Bulgʻor podsholigining barpo etilishi

Bolgarlar VI asrda avarlar tomonidan boʻysundirilgan edi, ammo 635-yilda Xon Kubrat muvaffaqiyatli qoʻzgʻolon koʻtarib, Buyuk Bolgariya nomli mustaqil qabilaviy ittifoqni tashkil etadi. 642-yilda Kubratning vafotidan soʻng bolgarlar xazarlar hujumiga uchrab, tarqalib ketadi. Vizantiya manbalariga koʻra, bolgarlar Kubratning oʻgʻillari qoʻli ostidagi 5 guruhga boʻlinadi. Oʻgʻillaridan biri Asparux (yoki Isperix) qoʻli ostidagi guruh Bessarabiyaga (Dnestr va Prut daryolari oraligʻidagi hudud) koʻchadi, keyin esa Dunay daryosining janubini kesib oʻtib, Bolqon togʻlarining janubida yashovchi slavyan qabilalarini bosib oladi yoki quvib chiqaradi. Vizantiya imperatori Konstantin IV bolgarlarga qarshi qoʻshin olib borib, magʻlubiyatga uchraydi, vizantiyaliklar 681-yilga kelib Bolqon va Dunay oraligʻidagi hudud bolgarlar nazorati ostida ekanini tan oladi. Bu hodisaga Bolgariya davlatining boshlanish nuqtasi deb qaraladi.
Asparux va uning avlodlari hozirgi Shumen shahrining shimoli-gʻarbidagi Pliska shahrida oʻzining toshsaroyini hamda Madara qishlogʻida diniy markazini barpo etadi. Arxeologik dalillar shuni koʻrsatadiki, bolgarlar turar joyini oʻzi soliq oladigan slavyanlardan uzoqda tutgan.

Boyliklarining katta qismi urush orqali qoʻlga kiritilsa-da, ular chorvachilik va qishloq xoʻjaligi aralashgan iqtisodiyotni saqlab qolgan. Asparuxning vorisi Tervel (701—718-yillarda hukmronlik qilgan) Yustinian IIʼga Vizantiya taxtini saqlab qolishga yordam bergani uchun “sezar” unvoni bilan taqdirlangan.
Umuman olganda esa bolgarlar Vizantiya bilan dushmanchilik munosabatida boʻlgan, VIII asr asosan vizantiyaliklarning gʻalabasi bilan yakunlangan hamda uzoq davom etgan hujum va yirik yurishlar bilan ajralib turgan. Bolgariya Xon Krum (803—814-yillarda hukmronlik qilgan) qoʻli ostida qayta tiklandi, u imperator qoʻshinini yoʻq qilib, imperator Nikefor Iʼning bosh suyagini kumush bilan qoplaydi va undan qadah yasaydi. Krumning vorislari davrida Bolgariya vizantiyaliklar bilan uzoq vaqt tinchlik oʻrnatadi, Makedoniya hamda hozirgi Serbiya, Xorvatiyaning bir qismiga qadar nazoratini kengaytiradi.