© 2023

Adolf Gitler
1889–1945

Adolf Gitler

Germaniyaning 1933—1945-yillardagi kansleri, Germaniya milliy sotsial partiyasi (GMSP) ning 1921—1945-yillardagi raisi (fyurer)

Adolf Shiklgruber (Gitlerning haqiqiy familiyasi) 1889-yil 20-aprelda Avstriyaning kichik Braunau shaharchasida tugʻilgan. Uning otasi kichik bojxona xodimi boʻlib, oʻgʻli 14 yoshga to‘lganida vafot etgan. Adolf maktabni bir amallab bitirib olgach, 1903-yilda Vena sanʼat akademiyasiga kirishga urinib koʻradi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragach, eʼlon hamda tabrik xatlarini chizish bilan yashash uchun pul ishlay boshlaydi. 1907-yilda onasi ham vafot etgach, yosh rassom Venaga koʻchib, ikkinchi marta ham akademiyaga kirolmagach, erkin rassomchilik faoliyatini boshlaydi.

Shu davrda u siyosatga qiziqib qolib, oʻng partiyalarning turli yigʻilishlarida qatnashishni boshlaydi. Bu yerda Gitler oʻsha paytlarda urfda boʻlgan pangermanizm konsepsiyasi bilan tanishadi. Bu qarash nemis xalqining oliyligini taʼkidlardi, Adolf ham uning ashaddiy tarafdoriga aylanadi. Birinchi jahon urushi boshlanganida, Gitler Avstriya armiyasiga chaqiruv xatini oladi, ammo uni urushga yaroqsiz deb belgilashadi. Shundan keyin u Germaniyaga ketib, armiyaga koʻngilli boʻlib kiradi. Frontda u yefreytor maqomi va birinchi darajali Temir xochni qoʻlga kiritadi.

1919-yilda Gitler demobilizatsiya qilinadi. Shu yilning kuz oylarida Gitler GMSPga kiradi va shu paytdan uning siyosiy faoliyati boshlanadi. U mahoratli boshqaruvchining koʻplab xususiyatlariga ega edi. Oʻz gʻoyalariga mutaassiblarcha sodiq boʻlgan Gitler auditoriya bilan aloqa topib, ularni taʼsirchan nutqiga ergashtira olardi.

Gitler ommada nosogʻlom instinktlar uygʻotishdek noyob qobiliyatga ega edi va ommaning noroziligini mahorat bilan o‘zi “nemis xalqining dushmanlari” deb bilganlarga yoʻnaltirardi. U kommunistlar, sotsial-demokratlar va hatto butun davlatlar, asosan Angliya, Fransiya va bolshevik Rossiyasini shu nom bilan tanitdi. 1921-yil iyunida u MSNIPning rahbari (fyurer) boʻldi. Shu davrda uning atrofida “buyuk rahnamo” kulti yoyila boshladi. 1923-yil 8—9-noyabrda Gitler va uning tarafdorlari davlat toʻntarishi uyushtirishga urinadi. Harakat omadsizlikka uchraydi va Gitler qamoqqa tushadi. Unga besh yil berilgan boʻlsa-da, u qamoqda toʻqqiz oy yotadi. Mahbuslik davrida “Mayn kampf” (Mening kurashim) asarining birinchi jildini yozadi.

1924-yil dekabrida u qamoqdan chiqadi va faol siyosiy faoliyatni boshlaydi. 1932-yilga kelib, uning partiyasi parlamentda katta oʻringa ega boʻldi. 1933-yil 30-yanvarda Germaniya prezidenti Gindenburg Gitlerni reyxskansler qilib tayinlaydi. 1934-yilda Gindenburgning vafotidan keyin Gitler barcha boʻgʻinlarni birlashtirgan holda prezident, kansler va bosh general boʻlib oladi. Shu tariqa Germaniya tarixidagi eng qora sahifalar — fashistik diktatura boshlanadi. Gitlerning dasturi ikki qismdan — ichki dushmanlarni yengish va dunyoni qoʻlga kiritishdan iborat edi. U ishni siyosiy raqiblari — kommunistlar, sotsial-demokratlar va uning partiyasiga qarshi chiqayotgan hammani yoʻq qilishdan boshlaydi. MSNIPdan boshqa partiyalar taqiqlangandi.

Gitlerning birinchi katta harakati yahudiylarni taʼqib ostiga olish boʻldi. 1938-yil 9—10-noyabrda Germaniya boʻylab yahudiylarni yoʻq qilish harakatining toʻlqini boʻlib oʻtdi. Buning ortidan yahudiylar barcha fuqarolik huquqlaridan mahrum boʻldi. Gitler eʼlon qilgan Germaniyaning “irqiy tozalanishi” shu tariqa boʻlib oʻtdi.