Islom — VII asr boshlarida Arabistonda Muhammad tomonidan asos solingan jahon dini. Islom arab tilida “taslim boʻlish”, xususan, Alloh deya atalgan yagona Xudoning irodasiga taslim boʻlish maʼnosini beradi. Islom qatʼiy yakkaxudolik dini boʻlib, uning tarafdorlari musulmonlar deb ataladi, ular Muhammad paygʻambarni Xudoning eng oxirgi hamda eng mukammal elchisi deb biladi. Bu elchilar orasida Odam Ato, Ibrohim, Muso, Iso va boshqalar ham bor. Islomning muqaddas kitobi Qurʼondir, unda Xudoning Muhammadga yuborgan vahiylari mavjud. Paygʻambarning sunnatlarda zikr qilingan soʻzlari hamda amallari ham Islom eʼtiqodi, amaliyotda muhim manba hisoblanadi.
Barcha musulmonlarning diniy farzlari Islomning 5 ruknida jamlangan boʻlib, ular Allohga hamda uning paygʻambariga iymon keltirish, namoz, zakot, haj hamda roʻza farzlarini oʻz ichiga oladi. Islomning asosiy gʻoyasi shariat boʻlib, uning qonunlari Xudo tomonidan buyurilgan umumiy hayot tarzidan iborat. Moʻmin musulmonlar bir kunda 5 mahal namoz oʻqiydi, juma kuni esa masjidda imom boshchiligidagi jamoaviy ibodatga qoʻshiladi. Har bir iymon keltiruvchi kambagʻallik va jismoniy imkonsizlikdan xoli boʻlsa, muqaddas shahar – Makkaga umri davomida hech boʻlmaganda bir marta haj ziyoratini
amalga oshirishi zarur. Ramazon oyi roʻza tutish uchun ajratilgan. Alkogol va choʻchqa goʻshti qimor oʻyinlari, sudxoʻrlik, firibgarlik, tuhmat va rasm yasash kabi amallar qatorida har doim man etilgan. Musulmonlar ramazon oyi roʻzasining nihoyasi sifatida nishonlanadigan Iyd al-Fitrdan tashqari Muhammadning tavallud kuni hamda uning osmonga koʻtarilish kunini bayram sifatida nishonlaydi. Iyd-al-Adha, yaʼni Qurbon hayiti Makka ziyorati mavsumini ochib beradi.
Islomda ilk boʻlinishlar xalifalik vorisligi uchun boʻlgan nizolar tufayli kelib chiqdi. Musulmonlarning koʻpchiligi sunniy yoʻnalishiga mansub. Shialar VII asrda ajralib chiqadi va keyinchalik boshqa oqimlar, jumladan, ismoiliylarning paydo boʻlishiga zamin yaratadi. Islomdagi yana boshqa muhim element tasavvuf deb nomlangan mistitsizmdir. XIX asrdan boshlab, islomiy jamiyat gʻoyasi musulmonlarni gʻarb mustamlakachiligidan voz kechishga undadi, XX asr oxirida esa fundamentalistik harakatlar bir qancha dunyoviy Oʻrta Sharq hukumatlarini tahdid ostiga olib, agʻdarib tashladi. XXI asr boshida dunyoda musulmonlarning soni 1,2 millionga yetgan edi.