Orqaga
Avgust va Tiberiyning munosabatlari haqida.

528 marta koʻrilgan

I asr

Tiberiy hukmronligi

Tiberiy hukmronligining dastlabki yillari qariyb dono va moʻtadil boshqaruv namunasi boʻlib koʻrinsa-da, ular kuch va zoʻravonlik namoyishlaridan xoli emas edi. Taxt uchun qolgan yagona daʼvogar Postum Tiberiyning buyrugʻi bilan qatl etilgan boʻlishi mumkin. Uning hokimiyatiga boʻlgan yagona, haqiqiy tahdid — Rim senati edi. Senat butun Italiya boʻylab taqsimlab chiqilgan, Rimgacha yaqin masofada joylashtirilgan pretorianlar gvardiyasining toʻplanishidan xavotirga tushib qoldi.

Bu kabi xatti-harakatlardan tashqari, Tiberiyning qonunlari va siyosati uzoqni koʻra oladigan edi. U buyuk yangi istilolar uyushtirishga urinmadi. Tiberiy hech qanday sababsiz qoʻshinlarning joyini oʻzgartirmagan yoki viloyat hokimlarini almashtirmagan. U imperiya xazinasini behuda sarf qilishni toʻxtatdi. Tiberiy vafot etganida o‘zidan qachonlardir unga meros boʻlib qolganidan 20 barobar koʻproq boylik qoldirgan va Rimning qudrati har qachongidan ulugʻvor edi. U Rim flotini mustahkamladi. U gladiator oʻyinlarini oʻtkazishni toʻxtatdi. U Yuliy Sezar va Avgust hukmronlik davrida qilingan, oʻz lavozimiga hurmatning baʼzi gʻayrioddiy shakllarini, jumladan, kalendar oylarini uning ismi bilan atashni taʼqiqladi. Albatta, vaqti-vaqti bilan urush, shafqatsiz qatagʻonlar boʻlib turgan. Tiberiyning legionlari viloyatdagi qoʻzgʻolonlarni ulkan xunrezlik bilan bostirgan. Rimning oʻzida, toʻrt yahudiy bir ayol boyligini oʻgʻirlash uchun til biriktirganini bahona qilib, Tiberiy butun yahudiy jamoasini surgun qilgan. Tiberiy imperator boʻlgan dastlabki yillarning eng dahshatli va eng keng tarqalgan jihati “ayblov, uydirmachilik” deb nomlangan amaliyotning ortishi boʻlgan.

Badavlat fuqarolar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning aksariyati Rim qonunlariga koʻra, qisman ogʻir jarimalar va musodara qilish bilan jazolangan. Bu jarimalar imperıya xazinasining oʻsishiga katta hissa qoʻshdi, ammo pulning hammasi ham davlat gʻaznasiga tushmagan. Maosh toʻlanadigan prokurorlar boʻlmagani tufayli har qaysi fuqaro ixtiyoriy ravishda prokuror sifatida ish olib borishi, agar u ayblayotgan shaxsga hukm chiqargan boʻlsa, musodara qilingan mol-mulkdan ulush undirib olishi mumkin edi. Delatorlar (ayblovchilar) deb nomlangan bu koʻngillilar jinoyat izlash yoki o‘ylab topish orqali mansab pillapoyalaridan yuqoriga koʻtarildi. Ayblovlarning koʻpchiligi mish-mish yoki soxta dalillarga asoslangan edi. Juda obroʻli yoki qudratli kuchga ega boʻlgan rimliklar ham bor edi va ular hech qanday shubha yoki ayblovlardan, shuningdek, delatorlarning hujumidan qoʻrqmagan.

Milodiy 23-yilda Tiberiyning oʻgʻli Druz vafot etdi. Oʻgʻlini unchalik yoqtirmagan boʻlsa-da, uning oʻlimidan Tiberiy qaygʻuga botadi. Shu voqeadan soʻng u imperiya yumushlariga kamroq vaqt ajratadigan boʻlib qoldi. U borgan sari muhim vazifalarni amalga oshirishda oʻz vakolatlarini pretorianlar gvardiyasining kuchli qoʻmondoni, Seyanusga ishonib topshirdi. Koʻp oʻtmay Tiberiy nomigagina imperator boʻlib qoldi. Ajablanarlisi shundaki, Seyanusni hokimiyatga olib kelgan voqeada, ya’ni Druzning oʻlimida, uning qoʻli boʻlishi mumkin edi. Aftidan, Seyanus yosh Druzning xotini Livillani aldab, erini oʻldirishda uning sherigi boʻlishga koʻndirgan. Dalillar haqiqiy emas edi va koʻplab tarixchilar tomonidan shubha ostiga olinadi. Ammo Tiberiy bundan shubhalanmagan.

Milodiy 27-yilda, Tiberiy 67 yoshida Rimni tark etdi. U Italiyaning janubiy qismlariga yoʻl oladi. Yoʻlda u Kapri oroliga borish uchun toʻxtadi. Uning niyati bir muddat bu yerda qolish edi, lekin u Rimga qaytmadi. Tiberiy hayotining qolgan oʻn yilligi “yirtqich hayvon Tiberiy” haqidagi afsonani keltirib chiqardi. Avvaliga hech qachon chiroyli boʻlmagan Tiberiy jirkanch darajada, badbashara boʻlib qolganga oʻxshardi. Dastlab uning terisiga dogʻ toshib ketdi, keyin esa u yiringli shishlar bilan qoplanib, yomon hid chiqardi va qattiq ogʻriq bera boshladi. U oʻziga Kaprida oʻnlab villalar qurdi, ularda qamoqxona, yerosti zindoni, qiynoq kamerasi va qatl qilish joylari bor edi. U oʻz villalarini xazina va har xil turdagi sanʼat buyumlari va Sezar davriga xos koʻplab mulozimlar bilan toʻldirdi. Mulozimlar qatorida xizmatkor, qoʻriqchi, sanʼatkor, faylasuf, munajjim, musiqachi va xayrixohlikni izlovchilarni koʻrish mumkin edi. Agar oʻsha davr tarixchilariga ishoniladigan boʻlsa, Tiberiyning sevimli koʻngilxushliklari shafqatsiz va hayosizlikdan iborat edi. Hatto eng yumshoq qilib talqin qilinsa ham, u odamlarni vahshiylik bilan, deyarli oʻylamasdan oʻldirardi. Ehtimol, oʻsha paytda u aqli noqis boʻlib qolgandir. Biroq Tiberius tashqi dunyo bilan aloqani uzmagandi. U Seyanusni qanchalik qudratli qilganini, oʻzini esa zaif holga solganini tushundi.

Milodiy 31-yilda u beshinchi marta Rim konsuli etib saylanishga erishadi va Seyanusni oʻzining hamkonsuli etib tanlaydi. Tiberiy Seyanusga oʻglining bevasi Livillaga uylanishga ruxsat berdi. Endi Seyanus nafaqat qudratning oʻziga, balki uning tashqi shakllariga ham ega edi. Unga oltin haykallar oʻrnatildi, tugʻilgan kuni esa bayram deb eʼlon qilindi. Ammo Tiberiy qoʻrqib ketib, unga ishonmay qoldi. Tiberiy senatga Seyanusni qoralab, uni qatl etishga chaqiruvchi xat yubordi. Bunda unga Seyanusning pretorianlar qoʻmondoni sifatidagi vorisi Makro yordam berdi. Senat bunday tezkor oʻzgarishdan hayratda qoldi, lekin buyruqqa darhol boʻysundi. Buning sababi, ehtimol, Tiberiy ayblovlarining adolatliligi yoki pretorianlar gvardiyasining bosimi boʻlgandir… . Aftidan, Tiberiy umrining qolgan olti yili davomida turli ayblovlar uyushtirish, qiynoq va qatl qilishlarning choʻqqisiga erishgan.

Ushbu vahimali hukmronlik davrida uning ayblovchilari va qiynoqqa soluvchilari oʻgʻli Druzning Livilla va Seyanus tomonidan oʻldirilgani boʻyicha dalillarni topdi. Bu inkvizitsiya davom etar ekan, koʻplab buyuk Rim namoyondalari uchun Kapri xavfsiz boʻlmay qoldi. Tiberiyning imperiya borasidagi asosiy tashvishi u vafot etganidan keyin uni kim boshqarishi edi. Imperatorlikka haqiqiy daʼvogar boʻlishi mumkin boʻlgan tirik vorislar kam edi va Tiberiy, Avgust yoʻl tutgani kabi nomaqbul nomzodni oʻziga belgilab oldi. Uning tanlovi Gay Sezar boʻldi. U hali yosh yigit edi va Rim legionlari orasida unga lager tumori, “Kaligula” yoki “Boshmoqcha” laqablari berilgan edi. Yuliya va uning qizi orqali Avgustning evarasi boʻlgan Kaligula taxtga hamma kabi daʼvogar edi. Uning axloqi va odatlari unchalik yoqimli boʻlmasa-da, Tiberiy bunga qarshi emas edi. “Men Rimning bagʻrida ilonni katta qilyapman”, — dedi Tiberiy va Kaligulani tutingan oʻgʻli hamda vorisi deb eʼlon qildi.

Milodiy 37-yil bahorida Tiberiy nayza uloqtirish boʻyicha tantanali oʻyinda qatnashdi. Natijada kasal boʻlib yotib qoldi va komaga tushdi. Yarim asrga yaqin vaqt davomida uni tekshirishga ruxsat berilmagan tabiblar endi uning ozgʻin tanasini oʻrganib, bir kun ichida vafot etishini aytadi. Voris Kaligulaga bu xabar yuborildi. Pretorianlar gvardiyasi yangi imperatorni qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qildi. Vorislik haqidagi xabar butun dunyoga eʼlon qilinadi. Oʻsha paytda Tiberiy hushiga keladi va oʻrnidan turib, tanovul qilish uchun nimadir soʻraydi. Rimning zodagonlari sarosimaga tushib qoladi. Faqat pretorianlar qoʻmondoni Makro oʻzini yoʻqotmadi va ertasi kuni u Tiberiyning oldiga oshiqadi va bir uyum koʻrpani olib, Tiberiyni ular bilan boʻgʻib oʻldiradi.



Manba: britannica.com
Muqova suratlar: unsplash.com / wikipedia.org