3
Ulashish
1004 marta koʻrilgan
1894–1984
Pyotr Kapitsa
Pyotr Leonidovich Kapitsa Rossiyada, Sankt-Peterburg yaqinidagi Fin koʻrfazida joylashgan orolchadagi Kronshtadt harbiy-dengiz qoʻrgʻonida tugʻilgan. Uning otasi bu yerda harbiy muhandis sifatida faoliyat yuritardi. Boʻlajak olim klassik tillarni yaxshi oʻzlashtirolmagani uchun gimnaziyadan chetlatiladi va Kronshtadt oʻquv yurtini tamomlaydi. Soʻng Peterburg texnologiya instituti muhandislik fakultetiga oʻqishga kirib, uni 1918-yilda tamomlaydi. Keyingi uch yil davomida shu institutda dars beradi. Otasi, rafiqasi va ikki farzandining oʻlimidan soʻng Kapitsa ustozi Abram Fyodorovich Ioffe tavsiyasiga koʻra ilmiy asboblar xaridi uchun chet elga joʻnatiladigan olimlar guruhiga qoʻshiladi.
1921-yilda u Angliyaning Kembrij shahriga keladi va Ernest Rezerfordning hamkasbiga aylanadi. Kapitsa Kembrijda oʻtkazgan ilk tajribalar kuchli magnit maydonni olishga qaratilgan edi. Elektr batareyasini quvvatsizlantirish orqali olim barcha maʼlum qurilmalardan kuchliroq maydonni olishga muvaffaq boʻladi. Oʻsha paytdayoq Kapitsa oʻzini muvaffaqiyatli tajribashunos va muhandis sifatida namoyon qilgandi. Deyarli barcha tajribalarini oʻzi, murakkab fizik qurilmalardan deyarli foydalanmagan holda oʻtkazardi. Kapitsa bu ishlari uchun Qirollik jamiyatiga qabul qilinadi va fan doktori darajasini oladi.
1924-yilda u Rezerfordning magnitli tadqiqotlar boʻyicha oʻrinbosariga aylanadi. Shu bilan birga, Kapitsa past harorat fizikasi boʻyicha tadqiqotlar olib bora boshladi. U suyuq geliyni olish uchun gʻaroyib qurilma yasadi, bu oʻta past haroratda tadqiqot olib borishga keng imkoniyatlar yaratib berdi. Rezerfordning talabi bilan Qirollik jamiyati Kapitsa tajribalari uchun yangi laboratoriya qurishga mablagʻ ajratdi. Olim minnatdorlik oʻrnida timsoh tasviri tushirilgan devoriy surat buyurtma qildi. Kapitsa 1930–1934-yillarda Mond nomidagi laboratoriyaning direktori boʻladi. Olim Kembrijda yashab, ishlashda davom etdi.
Oʻzi yaratgan magnit laboratoriyasida kuchli magnit maydonlarni olish uchun impulsli generator qurilgan edi. Laboratoriya oʻziga xos maktabga aylandi, koʻplab rus fizik olimlari taʼlim va ilmiy ishlarini davom ettirish uchun doimiy ravishda bu yerda kelardi. Kapitsaning oʻzi ham har yil SSSRga borib qator institutlarda maʼruza oʻqir, ilmiy ishlarga rahbarlik qilardi. U SSSR Fanlar akademiyasi aʼzosi nomini olgandi. 1927-yilda Kapitsa Parijda doʻsti N.Semyonov va uning rafiqasi tufayli tanishib qoladi va mashhur akademik-kemasoz A.Krilovning qiziga uylanadi. Ularning toʻngʻich farzandi Sergey keyinchalik mashhur olim va ilm targʻibotchisiga aylanadi. Kembrijda tugʻilgan Andrey ismli oʻgʻli esa Antarktidani oʻrgangan mashhur geograf boʻlib yetishadi.
Barchasi reja boʻyicha ketayotgan olimning ilmiy gʻoyalarini amalga oshirishga hech nima xalaqit qilmayotgandek edi. 1934-yil yozining soʻngida Kapitsa rafiqasi bilan SSSR ga kelganida unga Angliyaga qaytolmasligini maʼlum qilishadi. Kapitsaning endi Kembrijda ilmiy faoliyat olib borolmasligidan xabar topgan Rezerford SSSR hukumatining Kapitsa uchun Moskvada yangi laboratoriya tashkil qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatlaydi va Mond laboratoriyasining jihozlarini unga joʻnatadi. U Kapitsa tashkil qilgan Fizik muammolar institutiga asos boʻladi. Kapitsa umrining oxirigacha bu institutning direktori boʻlib qoladi. Barchasini – tashkiliy ishlarni ham, olimlikni ham, quruvchilikni ham yangidan boshlashga toʻgʻri keldi. Bu institutda Kapitsa suyuq geliy ustidagi ishlarini davom ettira oldi.
1938-yilda u gazlarni siqish uchun yangi qurilma – turbodetander ixtiro qiladi. Bu texnika zamonasida shu turdagi qurilmalardan ancha yuqori turardi. Shu qurilma tufayli Kapitsa 1938-yilda suyuq geliyning asosiy xususiyatlari – oʻta oquvchanlik va bir vaqtning oʻzida ikki turi mavjud boʻla olishini kashf qildi. Bu xizmati uchun 1978-yilda u Nobel mukofotiga sazovor boʻladi. Kapitsaning keyingi faoliyati urush bilan aloqador boʻldi. Bu yillar davomida u koʻplab metallurgiya va kimyo zavodlarida gazlarni siqish boʻyicha samarali ishlaydigan sanoat qurilmasini yaratishga erishadi.
Kapitsaning atom bombasini yaratish loyihasida ishtirok etishdan bosh tortishi isteʼfoga chiqishi va ilmiy faoliyatdan chetlatilishiga olib boradi. Shunga qaramay, Kapitsa dala hovlisidagi kichik laboratoriyasida fan bilan shugʻullanishni toʻxtatib qoʻymadi. U yerda keyinchalik termoyadro energiyasini boshqarish yoʻlidagi ilk qadamga aylangan, yangi yoʻnalish – katta kuchlanishlar elektronikasi asoslarini yaratdi. Lekin bu sohada keng qamrovli ish olib borishni faqatgina 1955-yilda institutga qaytganida amalga oshira oldi. Institutda yuqori haroratli plazma tadqiqi bilan shugʻullandi.
Kapitsa qilgan ixtirolar uzluksiz ishlaydigan termoyadroviy reaktor sxemasini yaratishga asos boʻldi. Tajribaviy fizika sohasida muvaffaqiyat qozonishdan tashqari, olim yetuk fan tashkilotchisi sifatida ham namoyon boʻldi. Uning instituti bir qancha yirik olimlar – Nobel mukofoti laureati Lev Landau, akademik Aleksey Abrikosov, Aleksandr Migdal, Isaak Xalatnikov, Aleksey Shalnikov kabilarni yetishtirgan, yirik ilm markaziga aylandi.
Kapitsa bilimlarini 1947-yildan beri professor sifatida faoliyat yuritgan Moskva fizika-texnika instituti talabalariga ham yetkazgan edi. Kapitsa koʻplab faxriy unvon va mukofotlarni qoʻlga kiritgan, jumladan, 11 ta universitetning faxriy doktori va koʻplab akademiyalar aʼzosi (ular orasida AQSh, Daniya, Shvetsiya Milliy fanlar akademiyasi bor) edi.
Muqova suratlar: stimul.online / warheroes.ru / wikipedia.org